Farmakognoziya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish

Farmakognoziya (yun. pharmakon — dori va gnosis — oʻrganish) — farmatsiyanmig bir boʻlimi. Oʻsimliklar va hayvonlardan olinadigan dorivor mahsulotlar, ularni birlamchi qayta ishlashdan hosil boʻladigan baʼzi moddalar (efir moylar, smolalar, sut shiralar, daraxt yelimlari va boshqalar)ni oʻrganadi. Asosiy vazifasi dorivor xom ashyolarni tadqiq etish, ulardagi taʼsirkor moddalarni aniklash usullarini ishlab chiqish, shuningdek, bu moddalarning oʻsimlik, hayvonlar aʼzo va toʻqimalarida joylashgan oʻrnini oʻrganishdan iborat. Bundan tashqari, yovvoyi dorivor oʻsimliklarning oʻsish joyi va zaxirasini aniqlash, ularni yigʻish, quritish, navlarga ajratish, qaytadan ishlash, saqlash va hokazo bilan ham shugʻullanadi. Farmokognoziya farmatsiyaning qadimgi sohalaridan boʻlib, yunon olimi Dioskorid unga asos solgan. Galen va Paratsels esa farmakognoziyani yangi yoʻnalishga solib yubordilar. Oʻrta asrlarda, ayniqsa, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino va Sharqning boshqa olimlari farmakognoziya rivojiga ulkan hissa qoʻshdilar (qarang Tibbiyot), XVIII asrda Rossiyada farmokognoziya sohasida dorivor oʻsimliklarning qoʻllanishi haqida maʼlumotnoma va qoʻllanmalar paydo boʻldi. 1778-yilda birinchi rus farmakopeyasp bosilib chiqdi. Hozirgi Respublikamizda Oʻzbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy tadqiqot instituti faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Farmakognoziyaga oid tadqiqotlar farmatsevtika ilmiy tadqiqot institutlari va fakultetlari kafedralarida bajariladi. Farmakognoziya farmatsevtika taʼlimi sistemasiga kiritilib, oliy va oʻrta maxsus farmatsevtika bilim yurtlarida oʻqitiladi.